"Mahalla bankiri" dasturi agent-yordamchilari uchun o‘quv seminari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-yanvardagi PQ-12-sonli “2025-yilda aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, aholining bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, moliyaviy savodxonligini oshirish hamda agentlik tarmog‘i institutini rivojlantirish maqsadida “APEX BANK” AJ tomonidan “Mahalla bankiri” dasturi doirasida agent-yordamchilar uchun o‘quv seminari tashkil etildi va o‘tkazildi.

Seminar davomida ishtirokchilarga aholiga samarali maslahat berish uchun zarur bo‘lgan bank faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha ma’lumotlar taqdim etildi. Xususan, kredit tarixi, kafillik va garov ta’minoti, kreditlarni sug‘urtalash, notarial idoralar orqali kredit rasmiylashtirish, omonatchilar huquqlarini himoya qilish, bank kartalaridan foydalanish hamda kiberxavfsizlik qoidalariga rioya etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, agent-yordamchilar bank shartnomalarining asosiy shartlari, fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqish tartibi va mijozlarga sifatli xizmat ko‘rsatish talablari bilan tanishtirildi. Treningning amaliy qismi aholiga xizmat ko‘rsatish, ular bilan samarali muloqot qilish hamda bank xizmatlari bo‘yicha ishonchli ma’lumot taqdim etish ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratildi.

Bunday o‘quv tadbirlarini o‘tkazish agent-yordamchilarning kasbiy kompetensiyalarini oshirishga, mahallalarda bank xizmatlari qamrovini kengaytirishga va aholining moliyaviy savodxonligini mustahkamlashga xizmat qiladi.

“APEX BANK” AJ kelgusida ham “Mahalla bankiri” dasturi doirasida muntazam ravishda o‘quv tadbirlarini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu esa moliyaviy madaniyatni rivojlantirish va aholi uchun bank xizmatlarining yanada ommabop bo‘lishiga xizmat qiladi.