AJ "APEX BANK" xalqaro World-Check platformasini joriy qildi AJ "APEX BANK" yetakchi jahon platformasi World-Check’ni avtomatlashtirilgan bank tizimi bilan to‘liq integratsiya qilishni yakunladi.

Mazkur yechimning joriy etilishi Bankning komplayens-nazorat tizimini rivojlantirishda muhim bosqich bo‘ldi. Platforma integratsiyasi mijozlar va operatsiyalarni tekshirish jarayonlarini avtomatlashtirish, komplayens-xatarlarni boshqarish samaradorligini oshirish, xalqaro standartlarga muvofiqlikni ta’minlash, shuningdek, mijozlarimiz manfaatlarini himoya qilish va xavfsizlikni kuchaytirish imkonini beradi.

World-Check platformasi xalqaro sanksiyalar, tartibga soluvchi va nazorat ro‘yxatlarini, jumladan AQSh OFAC ro‘yxatlari, BMT Xavfsizlik Kengashi (UN), Yevropa Ittifoqi (EU), Buyuk Britaniya (UK) ro‘yxatlari, shuningdek, boshqa xalqaro tashkilotlar va davlat regulyatorlari ma’lumotlarini o‘z ichiga oladi. Bu Bankka mijozlarga xizmat ko‘rsatish va operatsiyalarni amalga oshirish jarayonida ehtimoliy sanksion, reputatsion va boshqa komplayens-xatarlarni tezkor aniqlash imkonini beradi.

Zamonaviy raqamli texnologiyalardan foydalanish bank jarayonlarining shaffofligini oshirish, ichki nazorat tizimini takomillashtirish hamda mijozlar va hamkorlar ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.

AJ "APEX BANK" mijozlari uchun zamonaviy, ishonchli va xavfsiz bank ekotizimini yaratish maqsadida ilg‘or jahon tajribalari va innovatsion texnologiyalarni izchil joriy etmoqda.